Sun’iy intellektga asoslangan ChatGPT chatboti o‘tgan yilgi yangilanishlardan so‘ng ayrim foydalanuvchilarga biologik qurol va zahar yaratish hamda ularni qo‘llash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etgan. Bu haqda ekspertlar xulosalariga tayanib, The Wall Street Journal (WSJ) nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ChatGPT ayrim xavfli mazmundagi so‘rovlarga bosqichma-bosqich javoblar qaytargan. OpenAI xodimlari ushbu ko‘rsatmalarni biologiyani o‘rganayotgan o‘rta maktab o‘quvchisi ham tushunishi mumkin bo‘lgan darajada sodda deb ta’riflagan. Biologiya sohasi mutaxassislari esa sun’iy intellekt tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tahlil qilib, ularni aniq va texnik jihatdan batafsil ekanini qayd etgan.
WSJ yozishicha, xavfli moddalar va qurollar yaratishga oid so‘rovlarni yuborgan ayrim foydalanuvchilarning akkauntlari bloklangan. Biroq bu holatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan alohida tekshiruv obyektiga aylantirilmagan.
Nashrning ta’kidlashicha, AQSHda hozircha sun’iy intellekt kompaniyalarini qurol yaratish yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi so‘rovlarni cheklash yoxud ular haqida majburiy ravishda davlat organlariga xabar berishga majbur qiluvchi federal qonunchilik mavjud emas.
2026-yil boshida ayrim foydalanuvchilar ChatGPT’dan xavfli mikroorganizmlarni tarqatish usullari, viruslarni o‘zgartirish hamda xalqaro shartnomalar bilan taqiqlangan zaharli moddalar haqida ma’lumot so‘ragan. ChatGPT ularga javob qaytargani aytilmoqda. Nashr xavfsizlik nuqtayi nazaridan ushbu ko‘rsatmalarning mazmunini oshkor qilmagan.
Ismi sir tutilgan AQSH rasmiylariga ko‘ra, Oq uy va Mudofaa vazirligi sun’iy intellektning biologik qurol yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan xavflarini avvalgi ma’muriyat davridayoq muhokama qilgan. Yangi va yanada kuchli sun’iy intellekt modellarining paydo bo‘lishi nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirgan.
OpenAI, Anthropic va boshqa sun’iy intellekt kompaniyalari modellarni xavfsiz ishlab chiqish, shubhali faollikka ega akkauntlarni bloklash hamda tegishli davlat idoralari bilan hamkorlik qilishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik kompaniyalarga potensial xavfli foydalanuvchilar haqida majburiy ravishda xabar berish majburiyatini yuklamaydi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, biologik qurol yaratishga oid ma’lumotlarni qidirgan foydalanuvchilar boshqa yirik sun’iy intellekt tizimlari — Claude, Gemini va Grok chatbotlariga ham murojaat qilgan. Biroq ushbu tizimlar qanday javob qaytargani ochiqlanmagan.
Nashr, shuningdek, arzon narxlardagi ayrim xorijiy sun’iy intellekt modellarining ommalashishi ham xavotirlarni kuchaytirayotganini ta’kidlaydi. Tadqiqotchilar ayrim ochiq modellar foydalanuvchilar tomonidan qayta sozlanishi va ulardagi xavfsizlik cheklovlari qisman olib tashlanishi mumkinligini qayd etgan.
Maqolada eslatilishicha, ChatGPT 2022-yilda ishga tushirilganidan so‘ng OpenAI biologiya va kimyo bilan bog‘liq so‘rovlardagi xavfsizlik muammolarini aniqlagan. Keyinchalik kompaniya ushbu yo‘nalishdagi cheklovlarni kuchaytirish va modellarni takomillashtirish uchun mutaxassis olimlarni jalb qilgan.
Shunga qaramay, ekspertlar sun’iy intellekt tizimlarini turli usullar bilan aldash holatlari hamon uchrab turishini qayd etmoqda. Cisco kompaniyasining tahdidlar va xavfsizlik tadqiqotlari bo‘limi rahbari Emi Changning so‘zlariga ko‘ra, «hech bir model buzib kirishdan 100 foiz himoyalanmagan, ayniqsa foydalanuvchi bunga qat’iy harakat qilsa».