O‘zbekistonda 2027/2028-o‘quv yili yakunidan boshlab dual ta’lim shakli bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.
Prezidentning “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, reytingda eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 tadan OTM va korxona 1, 2 va 3 milliard so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Reytingni shakllantirishda dual ta’lim bilan qamrab olingan talabalar ulushi, ularning o‘rtacha ish haqi hamda o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida dual ta’lim olayotgan har bir talaba uchun korxona tomonidan to‘langan ish haqi xarajatlarining 50 foizi o‘quv yili yakunida subsidiya sifatida qoplanadi.
Korxonalarga dual ta’limga qabul qilingan talabalar soniga mutanosib ravishda “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” platformasida qo‘shimcha ball beriladi.
Bundan tashqari, korxonalar OTM hududida dual ta’lim uchun amaliyot bazasini tashkil etishda olib kiradigan jihoz, uskuna va laboratoriya jihozlariga nisbatan 2030-yil 1-yanvargacha 1 foizlik bojxona boji stavkasi qo‘llanadi.
Dual ta’lim dasturi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun xarid qilingan o‘quv uskunalari va jihozlariga 3 yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qo‘llash huquqi ham beriladi.
Reytingda talabalar qamrovi, ularga to‘lanadigan ish haqi, o‘zlashtirish darajasi va bitiruvchilarning bandligi asosiy mezonlar sifatida baholanadi.