Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir ishtirokida markaz Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilib, 2026-yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, markaz Fransiyaning Gustave Roussy instituti bilan hamkorlikda Gustave Roussy International Uzbekistan brendi va xalqaro boshqaruv asosida faoliyat yuritmoqda. Hamkorlik doirasida zamonaviy boshqaruv standartlari va sifat nazorati tizimi joriy qilinmoqda.
Shuningdek, 2030-yilgacha 100 nafar yosh onkolog-jarrohni Fransiya klinikalarida malaka oshirishga yuborish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi yo‘llanmasi asosida yuborilgan bemorlarning davolanish xarajatlarini qoplash, sohani raqamlashtirish, xotin-qizlarda onkologik kasalliklarni nazorat qilishni takomillashtirish va radiologiya yo‘nalishida kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Gustave Roussy instituti talablari asosida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona tartibini joriy etish taklifi muhokama qilindi.
Markaz laboratoriyasini markazlashgan referens laboratoriyaga aylantirish, shifoxona negizida esa Milliy referens patomorfologiya markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, milliy onkologik dori vositalaridan foydalanish va ularni nazorat qilish bo‘yicha komissiya tashkil etish taklifi ham o‘rganildi.