O‘zbekistonda 2026-yil sentyabr oyida iste’mol narxlari o‘rtacha 0,7 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya darajasi esa 6,4 foizni tashkil etdi. Avgust oyida oylik inflyatsiya 0,2 foiz bo‘lgan.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabrda oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng katta narx o‘sishi tuxumda qayd etildi — 5,3 foiz. Shuningdek, suyakli mol go‘shti 1,7 foiz, qo‘y go‘shti 1,3 foiz, tovuq go‘shti 1,2 foiz, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foiz va guruch 1 foizga qimmatlashdi.

Meva-sabzavotlar narxida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. Pomidor 14,2 foiz, bodring 13,5 foiz, sabzi 12,4 foiz, bulg‘or qalampiri 4,9 foiz, baqlajon 4,7 foiz va piyoz 2,6 foizga qimmatlashdi.

Xizmatlar ham qimmatlashdi

Sentyabrda davlat bog‘chalariga to‘lov o‘rtacha 6,8 foizga oshgan. Statistika qo‘mitasi buni bazaviy hisoblash miqdorining oshishi bilan izohlagan. Xususiy bog‘chalar xizmatlari 1,7 foizga qimmatlashgan.

Xususiy maktablarda ta’lim narxi o‘rtacha 6 foizga, davlat oliygohlarida kontrakt to‘lovi 6,3 foizga oshgan. Repetitorlik xizmatlari 1,9 foiz, chet tillari kurslari 1,8 foizga qimmatlashgan.

Shuningdek, sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 2,1 foiz, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish 0,6 foizga oshgan.

Benzin narxi o‘rtacha 1,2 foizga ko‘tarilgan. AI-92 benzini 0,7 foiz, AI-95 esa 4,2 foizga qimmatlashgan. Propan narxi ham 4,2 foizga oshgan.

Uzoq masofaga qatnovchi poyezd chiptalari 1,6 foiz, aviachipta narxlari 0,9 foiz, yetkazib berish xizmatlari esa 3 foizga qimmatlashgan.

Ayrim mahsulotlar arzonlashdi

Sentyabrda shakar narxi o‘rtacha 0,9 foizga pasaygan. Sitrus mevalar 12 foiz, uzum 5,7 foiz, olma 2,4 foiz va banan 1,7 foizga arzonlashgan.

Markaziy bank 2026-yil yakunida inflyatsiya 6,5 foiz bo‘lishini prognoz qilgan. 2027-yil oxiriga kelib esa uning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha pasayishi kutilmoqda.