Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga oid kufiy yozuvli ganch panel qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Topilma O‘zbekiston—AQSH xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi olib borayotgan tadqiqotlar vaqtida aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel Somoniylar davriga oid jome masjidining me’moriy bezaklaridan biri bo‘lgan.
Ekspeditsiya ishlarida O‘zbekiston va AQSH mutaxassislaridan tashqari Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi xodimlari ishtirok etmoqda.
Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzahmedovning ta’kidlashicha, ganch panel qoldiqlari to‘liq va yaxshi saqlangan holatda yetib kelmagan. Shu bois topilmani asrab qolish maqsadida restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Madaniy meros agentligi ushbu topilma Buxoroning Somoniylar davri me’morchiligi, xususan, ganch o‘ymakorligi va epigrafik bezak an’analarini o‘rganishda muhim ilmiy manba ekanini qayd etdi.
Hozirda Shahriston arxeologik yodgorligida tadqiqotlar davom etmoqda. Aniqlangan me’moriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy jihatdan o‘rganish ishlari ham olib borilmoqda.