O‘zbekistonda shu kunga qadar xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan 74 102 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplab berildi. Buning uchun jami 151 mlrd so‘m mablag‘ to‘langan.

Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

2025-yilda 17 261 nafar yoshning imtihon xarajatlari kompensatsiya qilingan. 2026-yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 25 850 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Kompensatsiya olganlarning eng katta qismini 18–23 yoshdagilar tashkil etadi — 33 317 nafar. Shuningdek, 14–17 yoshdagi 25 112 nafar yoshning xarajatlari qoplangan. Umuman, kompensatsiya olganlarning 79 foizi 14–23 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jami 38 503 nafar qiz va 35 599 nafar yigit ushbu imkoniyatdan foydalangan.

Imtihonlar kesimida IELTS bo‘yicha 54 048 nafar yoshga 125 mlrd so‘m, SAT bo‘yicha esa 9 082 nafar yoshga kompensatsiya to‘langan.

Shuningdek, koreys tilidan TOPIK, xitoy tilidan HSK, nemis tilidan TestDaF va Goethe-Zertifikat kabi xalqaro imtihonlar ham kompensatsiya tizimiga kiritilgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, 12 ta hududda doimiy yashovchi yoshlar IELTS imtihonidan 6 va undan yuqori yoki TOEFL imtihonidan 60 va undan yuqori ball olsa, imtihon xarajatlari qoplab beriladi. Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida esa IELTSdan 6 ball olishning o‘zi yetarli.