Xitoyning Geely Auto, BYD va CATL kompaniyalari elektromobil batareyalarini bir necha daqiqada quvvatlash imkonini beradigan texnologiyalarni taqdim etdi. Kompaniyalar o‘rtasidagi raqobatda avtomobilning yurish masofasi bilan bir qatorda, batareyani quvvatlash tezligi ham muhim omilga aylanmoqda.

Geely Auto yangi tizimi yordamida batareyani 10 foizdan 70 foizgacha 4,5 daqiqada, 97 foizgacha esa 8 daqiqa 40 soniyada quvvatlash mumkinligini ma’lum qildi.
BYD mart oyida namoyish etgan yangi avlod “Blade” batareyasi 10 foizdan 70 foizgacha 5 daqiqada, 97 foizgacha 9 daqiqada quvvatlanadi.
Dunyodagi eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan biri CATL aprel oyida o‘z texnologiyasini taqdim etgan. Uning batareyalari 10 foizdan 80 foizgacha 3 daqiqa 44 soniyada, 98 foizgacha esa 6,5 daqiqada quvvatlanishi aytilgan.
Geely ko‘rsatkichlari amaliy sinovlarda ham qayd etilgan. Lynk & Co 10 va Zeekr 001 modellari batareyasi 10 foizdan 70 foizgacha 4 daqiqa 30 soniyada, 97 foizgacha esa 8 daqiqa 40 soniyada quvvatlangan.
O‘ta tez quvvatlash vaqtida batareyaning qizib ketishining oldini olish uchun sun’iy intellektga asoslangan haroratni boshqarish tizimi qo‘llangan. U batareya haroratini o‘rtacha 55 daraja atrofida ushlab, 65 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, quvvatlash tizimida besh konturli suyuqlik bilan sovitish texnologiyasi ishlatilgan.
Uchala texnologiya ham ilk bor Auto China avtosalonida keng jamoatchilikka namoyish etilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, yaqin yillarda Xitoy avtomobil kompaniyalari o‘rtasidagi raqobatning asosiy yo‘nalishlaridan biri quvvatlash tezligi bo‘lishi mumkin. Avval elektromobillarning bir marta quvvatlanganda qancha masofa bosib o‘tishi muhim bo‘lgan bo‘lsa, endi batareyani qanchalik tez quvvatlash masalasiga e’tibor kuchaymoqda.
Taqqoslash uchun, AQSHda tezkor quvvatlash orqali elektromobil batareyasini 10 foizdan 80 foizgacha to‘ldirish odatda 20–40 daqiqa davom etadi. Hyundai, Kia va Porsche’ning yangi modellari bu ko‘rsatkichga 18–20 daqiqada erisha oladi.
Omdia katta tahlilchisi Kris Lyuning ta’kidlashicha, asosiy muammo quvvatlash stansiyasidan ko‘ra batareyaning o‘zida. Uning fikricha, batareyaning kuchli tokni tez va takroran qabul qilishi, bunda qizib ketmasligi yoki tez eskirmasligi muhim masala hisoblanadi.
Hozircha quvvatlash infratuzilmasi batareyalar imkoniyatidan ortda qolmoqda. Xitoydagi aksariyat jamoat quvvatlash stansiyalari 1 MVt dan kam quvvatda ishlaydi. Shu sababli o‘ta tez quvvatlash texnologiyalarini keng joriy etish uchun infratuzilmani ham rivojlantirish talab etiladi.
BYD yil oxirigacha 20 mingta o‘ta tez quvvatlash stansiyasini ishga tushirishni rejalashtirgan. Kompaniya 2027-yilda yana 30 mingta, 2028-yilda esa 40 mingta shunday stansiya qurishni mo‘ljallamoqda.