Shavkat Mirziyoyev oliy ta’limda dual ta’limni yangi yondashuv asosida tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident “Yangi O‘zbekiston” universitetida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2027-yildan “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tizimi 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan esa barcha oliygohlarda joriy etiladi.
Yangi tartibda ish beruvchi o‘ziga zarur kadrni tayyorlash uchun oliygohga buyurtma beradi. Nomzod oliygohga testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘lanadigan maoshning 50 foizini davlat qoplaydi.
Korxona tomonidan talabaga biriktirilgan ustozga oliygoh pedagoglari oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi. Korxona oliygoh yoki talaba yashaydigan hududdan uzoqda joylashgan bo‘lsa, ijara xarajatlari qoplanadi.
O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tishi mumkin.
Rektorlar dual ta’lim bo‘limlarini tashkil etadi, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar esa asosiy vaqtini ushbu yo‘nalishga ajratadi. Tizimni namunali tashkil etgan uchta eng yaxshi oliy ta’lim muassasasi va hamkor korxonaning har biriga 1 mlrd so‘mdan 3 mlrd so‘mgacha mukofot beriladi. Oliygohga ajratilgan mukofotning yarmi bu yo‘nalishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliygohlar sonini ko‘paytirish va dunyoning 300 ta eng nufuzli universiteti filiallarini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya va jihozlarga sarflagan mablag‘i hamda brend uchun to‘lovining 50 foizigacha qismi qoplanadi. Kampus qurilishi xarajatlarining 30 foizigacha kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, investitsiya qaytishini ta’minlash uchun davlat granti o‘rinlari ajratiladi.
Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt hamda tibbiyot kabi iqtisodiyot uchun muhim yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat beriladi.