O‘zbekistonda uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini dual ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda. Bu qariyb 185 ming nafar talabani oliygohdagi o‘qishni korxonalardagi amaliyot bilan birga olib borishini anglatadi.

Bu masala Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ta’lim sohasidagi takliflar doirasida muhokama qilindi.
Hozirda Andijon viloyatida dual ta’lim bo‘yicha tajriba shakllangan. U yerda 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada amaliyot o‘tamoqda. Prezident barcha rektorlarni Andijonga yuborib, ushbu tajribani o‘rganish topshirig‘ini berdi.
Shuningdek, uch oy avval 10 nafar rektor Germaniyada dual ta’lim tizimi bilan tanishish uchun yuborilgan. Taqdimotda Germaniya tajribasida bitiruvchilarning 70–75 foizi amaliyot o‘tagan korxonasida ishlashda davom etishi qayd etildi.
Ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish va korxonalarni mutaxassis tayyorlash jarayoniga faolroq jalb qilish taklif etildi.
2027/2028-o‘quv yilida 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxona jalb qilinadi
Rejaga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilida dual ta’limga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxona jalb etiladi. 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ustuvorlik berish taklif qilinmoqda.
Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv dasturlari korxonalar ehtiyojiga moslashtiriladi, talabaga ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi.
Amaliyot o‘qish jarayoni bilan bir vaqtda yoki soha xususiyatidan kelib chiqib, alohida davrda tashkil etilishi mumkin.
Korxonalar uchun imtiyozlar taklif qilinmoqda
Talabalarni amaliyotga qabul qiladigan va keyinchalik ishga joylashtiradigan korxonalarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham ishlab chiqilmoqda.
Jumladan, talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish taklif etilgan. 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga qabul qilgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash ham ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘llab-quvvatlash choralarini inson omilini kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, dual ta’limni samarali tashkil etgan oliygoh va korxonalarni rag‘batlantirish uchun tanlov o‘tkazish taklif etildi. Unda talabalar qamrovi, ularga to‘lanadigan ish haqi, o‘zlashtirish darajasi va bitiruvchilarning bandligi asosiy mezonlar bo‘lishi mumkin.