Oliy Majlis Senati bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, pedagogik faoliyati davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlay olmaydi.

Qonun Senatning 17-yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.
“Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan 6 ta kodeks va 13 ta qonunga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan yangi normalar kiritilmoqda. Xususan, ta’lim muassasasida bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya jarayonida bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatish, uni kamsitish yoki xo‘rlash alohida ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, pedagogik faoliyat davomida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik sodir etgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning bir yil davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Majlisda so‘zga chiqqan senator Orzigul Mo‘ydinovaning ta’kidlashicha, mazkur norma bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining takrorlanishining oldini olishga qaratilgan.
U iyun oyida Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi xususiy bog‘chada yuz bergan voqeani misol qilib keltirdi. O‘shanda tarbiyachilar bolalarga tazyiq o‘tkazgani, yig‘layotgan bolalardan birining og‘ziga mato tiqqani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan edi. Senatorning qayd etishicha, ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri bundan ikki oy avval ham bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa-da, bolalar bilan ishlashda davom etgan.
Qonun bilan yana bir muhim norma joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga berishda, avvalo, ularning qarindoshlariga ustuvorlik berilishi belgilanmoqda.
Senatorlar fikricha, qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, ta’lim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlaydi.