O‘zbekiston aholisi soni kelgusi o‘n yilliklarda ham izchil o‘sishda davom etadi. YUNISEFning “Markaziy Osiyoda 2050 avlodi” nomli tahliliy ma’lumotnomasiga ko‘ra, 2050-yilga borib mamlakat aholisi 52 million kishidan oshishi kutilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisi 2000-yilda 25 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 37 millionga yetgan. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilda aholi soni 40 milliondan oshadi, 2050-yilga borib esa 52 milliondan ortadi.

Mutaxassislar bunday o‘sishni tug‘ilish ko‘rsatkichlarining o‘lim darajasidan yuqori bo‘lib qolayotgani bilan izohlamoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatida O‘zbekiston aholisi 38,2 million kishini tashkil etgan. 7-aprelga kelib esa bu raqam 38 million 401 ming 654 nafarga yetgan. Shu tariqa mamlakat dunyodagi eng ko‘p aholiga ega 40 ta davlat qatoridan joy olgan.

Hisobotda aholi yosh tarkibidagi o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Agar 2000-yilda aholining o‘rtacha yoshi 20 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 30 yoshga yetgan. Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilda o‘zbekistonliklarning o‘rtacha yoshi 35 yoshni tashkil etadi.

Shuningdek, mehnatga layoqatli aholi soni ham sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Xususan, 2024-yilda 23,9 million kishini tashkil etgan 15–64 yoshdagi aholi soni 2050-yilga borib 33 milliondan oshadi.

Keksa yoshdagi fuqarolar soni esa yanada tez sur’atlarda ko‘payadi. Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda 2,2 million nafar bo‘lgan keksalar soni 2050-yilga kelib uch barobarga oshib, 6 milliondan ortadi.

YUNISEF ma’lumotlarida tug‘ilish darajasining pasayishi ham qayd etilgan. Agar 1990-yillarda O‘zbekistonda bir ayolga o‘rtacha 4 nafardan ortiq farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich izchil kamayib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga kelib har bir ayolga o‘rtacha 2,5–2,6 nafar farzand to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, 2050-yilda mamlakatda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni qariyb 16 million kishiga yetishi kutilmoqda. Biroq ularning umumiy aholidagi ulushi kamayadi. Mutaxassislar buni O‘zbekistonning yoshlar ustunlik qiladigan demografik tuzilmadan asta-sekin yetukroq demografik bosqichga o‘tayotgani bilan izohlamoqda.