Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 2027-yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi davridagi ustuvor yo‘nalishlarni ma’lum qildi. Sanoat kooperatsiyasi, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim va inson salohiyatini rivojlantirish asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Juj

MDH sammitining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning raislik bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etib, hamkasblariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston raisligining shiori “MDH – ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” deb belgilangan. Raislik konsepsiyasi va tadbirlar rejasida yuzdan ortiq tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezident Hamdo‘stlik doirasidagi siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro vaziyat murakkablashib borayotgan bir paytda mamlakatlar o‘rtasida masalalarni xotirjam muhokama qilish va o‘zaro maqbul yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish zarur.

Iqtisodiy hamkorlikda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish muhimligi qayd etildi.

Yangi texnologiyalar yo‘nalishida esa muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikka e’tibor qaratiladi. Prezident bu sohalarda birgalikda ishlash mamlakatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Transport sohasi ham raislikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Markaziy Osiyoning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi transport aloqalaridagi o‘rni ortib borayotgani qayd etilib, tranzit tartiblarini soddalashtirish va qulay transport yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligi bildirildi.

Xavfsizlik masalasida terrorizm, ekstremizm va kiberjinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish muhimligi ta’kidlandi. Bu tahdidlar alohida davlatlar chegarasidan chiqib ketgani sababli Hamdo‘stlik mamlakatlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish zarur.

Shavkat Mirziyoyev insonlar o‘rtasidagi aloqalarni ham eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi. Talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar uchun o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga oid bitim va qarorlar to‘plami imzolandi. O‘zbekiston prezidenti sammitni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga minnatdorlik bildirdi.