Tayvanlik astronomlar Quyosh tizimining taxminiy to‘qqizinchi sayyorasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan obyektni aniqladi. U 23 yil oralig‘ida olingan infraqizil kuzatuvlarida turli joylarda qayd etilgan. Biroq olimlar bu topilma yangi sayyora mavjudligini hali tasdiqlamasligini ta’kidlamoqda.

The Economic Times xabariga ko‘ra, Tayvandagi Milliy Tsinhua universiteti tadqiqotchilari 1983-yilda IRAS sun’iy yo‘ldoshi va 2006–2007-yillarda Yaponiyaning AKARI kosmik apparati tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilgan. Tadqiqot natijalari Avstraliya astronomiya jamiyati jurnalida chop etilgan.
Millionlab infraqizil manbalar orasidan olimlar ikkala kuzatuvda ham qayd etilgan, sekin harakatlanuvchi obyektni izlagan. Natijada eng ehtimoliy nomzod sifatida bitta obyekt ajralib chiqqan. U kuzatuvlar oralig‘ida 47,46 yoy minutiga siljigan.
To‘qqizinchi sayyora nega topilmayapti?
Quyosh tizimida Neptundan narida yana bir yirik sayyora mavjud bo‘lishi mumkinligi haqidagi gipoteza bir necha yildan beri astronomlar tomonidan o‘rganilmoqda. Bu taxmin uzoqdagi ayrim osmon jismlarining noodatiy orbitalari bilan bog‘liq. Ularning harakati hali bevosita kuzatilmagan yirik jismning tortish kuchi bilan izohlanishi mumkin.
Taxminiy sayyora Quyoshdan juda uzoqda joylashgan bo‘lishi mumkin. Shu sababli u juda kam quyosh nurini qaytaradi va oddiy kuzatuvlarda uni aniqlash qiyin. Olimlar bunday obyektlarni izlashda ular chiqarishi mumkin bo‘lgan infraqizil nurlanishni ham o‘rganmoqda.
Topilma hali tasdiqlanishi kerak
Tadqiqotchilar aniqlangan obyektni to‘qqizinchi sayyora deb qat’iy aytish uchun dalillar yetarli emasligini qayd etgan. Uning tabiati va masofasini aniqlash, shuningdek, boshqa kuzatuvlar yordamida tekshirish zarur.
Shu bois hozircha bu topilma Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi mavjudligining isboti emas, balki uni izlashdagi ehtimoliy yangi dalil hisoblanadi.