Toshkentda foydalanishga topshirilmagan yotoqxonadan chiqarilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar 3 kun ichida to‘liq qaytarib beriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Nh

Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi rasman foydalanishga topshirilmagan bo‘lsa-da, unga talabalar joylashtirilgan. 6-oktyabr kuni kechqurun 300 nafarga yaqin talaba yotoqxonadan chiqarilgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, binoning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan. Shuningdek, issiq suv va isitish tizimlari ulanmagan, obyekt yong‘in xavfsizligi talablariga ham javob bermagan.

Talabalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular universitetning mavjud yotoqxonalari va ijara xonadonlariga joylashtirilgan.

Hozirda obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va zarur ruxsatlarni olish ishlari davom etmoqda.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi ham mazkur holat yuzasidan munosabat bildirgan. Vazirlikning qayd etishicha, yotoqxonaga joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan to‘liq qaytarilgan.