O‘zbekistonda innovatsiya va startap loyihalar parklarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibi tasdiqlandi. Parklarda startaplarni moliyalashtirish, biznes-inkubator va akselerator dasturlarini tashkil etish, yangi texnologiyalarni joriy qilish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish ko‘zda tutilgan. Bu Vazirlar Mahkamasining 9-oktyabrdagi qarorida belgilangan.
Yangi parklar hududlarda innovatsion faoliyatni rivojlantirish, yangi mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi. Ularda tadbirkorlarga moliyaviy, huquqiy, marketing va boshqa xizmatlar ko‘rsatiladi.
Parklar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- innovatsion mahsulotlarni sertifikatlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ko‘maklashish;
- intellektual mulkni huquqiy himoya qilish;
- litsenziyalash, franchayzing va texnologiyalar transferi xizmatlarini ko‘rsatish;
- startaplarni moliyalashtirish va investitsiyalar jalb qilishga yordam berish;
- biznes-inkubator va akselerator dasturlarini amalga oshirish;
- xorijiy kompaniyalar va ekspertlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Parklar mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va xalqaro bozorlarga chiqishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Parklarni kim boshqaradi?
Parklarni tashkil etish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga yuklatilgan. Ular agentlik direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi. Park direktorlari tegishli tuman yoki shahar hokimlarining tavsiyasi asosida tayinlanadi.
Parklar uchun zarur binolar va infratuzilmani mahalliy hokimliklar ajratishi belgilangan.
Qaror bilan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidagi sobiq mexanizatsiyalashgan texnika saroyining 1,2 gektar yer maydonida innovatsiyalar parkini doimiy foydalanish huquqi asosida joylashtirish ham tasdiqlangan.
Tadbirkorlar parkka qanday joylashtiriladi?
Parklarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tanlov asosida tanlanadi. Ular bilan dastlab uch yilgacha ijara shartnomasi tuziladi.
Shartnoma muddati tugagach, tadbirkorning faoliyati va erishgan natijalari baholanadi. Shundan so‘ng ijara muddatini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
Parklar faoliyati mahalliy budjet, Innovatsion rivojlanish agentligi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar grantlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.