Shavkat Mirziyoyev yangi tashkil etilgan Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda uning rahbari Erkinjon Turdimov haqida fikr bildirdi. Prezident bu haqda Yangi Toshkentda investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda gapirdi. Bu haqda tadbirda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

“Son ko‘paydi, sifat esa kam. Bundan keyin har bir universitet kim uchun qanday kadr tayyorlashini o‘zi uchun aniq belgilab olishi kerak. To‘rtta viloyatga hokim bo‘lgan odamni Ta’lim vazirligiga bekorga olib kelmadim”, — dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 3-oktyabr kuni prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi.
9-oktyabr kuni esa Erkinjon Turdimov bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi. U bungacha Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.