O‘zbekistonda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimovga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va hududiy hokimliklar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu prezidentning 9-oktyabrdagi farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, Turdimov Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda ularning tizimidagi qator agentlik va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Shuningdek, uning mas’uliyatiga Fanlar akademiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi ham kiritildi.
Ichki ishlar vazirligi bilan ta’lim muassasalarida giyohvandlik va psixotrop moddalar tarqalishi, tazyiq va zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha hamkorlik qilinadi. Yoshlar ishlari agentligi bilan esa yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalari muvofiqlashtiriladi.
Bundan tashqari, Erkinjon Turdimov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan ishlaydi.
Farmonda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya bilan hamkorlik yo‘nalishlari ham belgilangan. Jumladan, DXX bilan yoshlarning zararli oqimlar va ekstremizm ta’siriga tushib qolishining oldini olish, Milliy gvardiya bilan esa ularda vatanparvarlik va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish bo‘yicha ish olib boriladi.
Hujjatga muvofiq, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari tegishli idoralar rahbarlari hamda hududiy hokimliklarning ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi faoliyatiga o‘z vakolati doirasida umumiy rahbarlik qiladi va uni muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tarkibida 12 ta shtat birligidan iborat Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etiladi. Uning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi, yettitasi esa qayta tashkil etilgan ta’lim vazirliklari shtatlarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda Turdimovning funksional vazifalari va yangi kotibiyat nizomini tasdiqlash topshirildi.
Farmon ijrosini nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.