Yerda iqlim o‘zgarishi davom etar ekan, 2025-yil tarixdagi eng issiq yillar ro‘yxatida ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallashi mumkin. Bu haqda The Guardian Yevropa Ittifoqining “Kopernik” Yer kuzatuv dasturi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

“Kopernik”ning qayd etishicha, joriy yilning yanvardan noyabrgacha bo‘lgan davrida global harorat sanoat inqilobigacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan o‘rtacha 1,48 daraja yuqori bo‘lgan. Shu bilan birga, o‘xshash anomaliya 2023-yilda ham kuzatilgan. Jahon davlatlari asr oxiriga qadar haroratning 1,5 darajadan oshmasligini ta’minlashga va’da bergan edi.

Tashkilot vakillariga ko‘ra, noyabr oyida global harorat sanoat inqilobigacha bo‘lgan davrdan 1,54 daraja yuqori bo‘lgan. 2023–2025-yillarga doir uch yillik o‘rtacha ko‘rsatkich ilk bor 1,5 darajadan oshishi prognoz qilinmoqda.

Eng issiq noyabr va tez-tez uchragan ofatlar

“Kopernik”ning oylik byulletenida noyabr global miqyosda tarixdagi uchinchi eng issiq oy sifatida qayd etildi. Ayniqsa shimoliy Kanada va Shimoliy Muz okeanida haroratlar sezilarli darajada baland bo‘lgan. Shu oy davomida Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda kuchli siklonlar, halokatli suv toshqinlari va boshqa xavfli tabiiy ofatlar kuzatildi.

O‘rtacha global haroratning keskin ko‘tarilishiga atmosferadagi karbonat angidrid miqdorining oshishi asosiy sabab bo‘lgani ta’kidlanadi. Ushbu omil issiq to‘lqinlar, kuchli yomg‘irlar va boshqa ekstremal ob-havo hodisalarini kuchaytirgan.

“Kopernik” mutaxassislarining aytishicha, kelajakda haroratning o‘sishini cheklashning yagona yo‘li — issiqxona gazlari chiqarilishini tezkor qisqartirishdir.

Parij kelishuvi maqsadlari xavf ostida

2015-yilda imzolangan Parij iqlim kelishuvi atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish orqali sayyora haroratini barqarorlashtirishni maqsad qilgan. Ammo olimlar so‘nggi yillarda harorat ko‘rsatkichi va ekstremal ob-havo hodisalarining tezligi oshib borayotganini qayd etmoqda.

Butunjahon meteorologiya tashkiloti Braziliyada bo‘lib o‘tgan COP30 sammiti tahliliga ko‘ra, 2015–2025-yillar oralig‘idagi 10 yillik davr 1850-yildan beri kuzatilgan eng issiq 11 yilni o‘z ichiga olgan.

“Parij kelishuvi maqsadlariga erishilmayapti. 2025-yilda kuzatilayotgan iqlim ko‘rsatkichlari yana xavotir uyg‘otmoqda. Ekstremal ob-havo esa global iqtisodiyot va barqaror rivojlanishning barcha yo‘nalishlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi”, dedi Butunjahon meteorologiya tashkiloti bosh kotibi professor Seleste Saulo.