Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tosh davriga oid ochiq manzilgohlar va g‘or makonlari aniqlandi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti xabar berdi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti hamda Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari Nurota tog‘ tizmasi etaklarida arxeologik qidiruv ishlarini olib bordi. Ekspeditsiya Xatirchi tumanining Angidon mahallasiga qarashli qishloqlarni qamrab olgan.
Qidiruvlar davomida tog‘ yonbag‘irlaridagi terrasalar yaqinidagi buloqlar atrofidan qadimgi tosh buyumlar topilgan. Ular orasida tosh pichoqlar, retushlangan uchirindilar va plastinalar, mikroplastinkalar, tig‘lar hamda qirg‘ichlar bor. Buyumlar asosan qumtosh va jigarrang kremniy xomashyosidan tayyorlangan.
Shuningdek, Chinor qishlog‘i atrofida qoyatosh suratlari aniqlangan. Istiqbolli buloqlar va mozor-qo‘rg‘onlar ham xaritaga tushirilgan.
Mutaxassislarning dastlabki taxminiga ko‘ra, topilmalar golotsen davrining boshlang‘ich bosqichlariga oid bo‘lishi mumkin. Ularning ishlanish texnikasi va saqlanish xususiyatlari mezolit va neolit davrlariga xos moddiy madaniyat namunalari ekanini taxmin qilishga asos bo‘lmoqda.
Aniqlangan yodgorliklar Uchtut, Ijont va Vaush toshga ishlov berish ustaxonalaridan taxminan 25–30 kilometr uzoqlikda joylashgan. Olimlar Chinor qishlog‘i atrofidagi qadimgi manzilgohlarda foydalanilgan xomashyo ushbu ustaxonalardan keltirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Institut ma’lumotiga ko‘ra, Xatirchi hududida tosh davriga oid arxeologik yodgorliklar ilk bor qayd etilgan. Topilmalar hududning qadimgi tarixi qariyb 10 ming yil va undan ham uzoq davrlarga borib taqalishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Kelgusida hududda arxeologik qidiruv va ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish, aniqlangan yodgorliklarning madaniy va davriy xususiyatlarini chuqur o‘rganish rejalashtirilgan.