O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ayrim ta’lim muassasalari xodimlariga ko‘p yillik ish staji uchun har oy 120 foizgacha ustama to‘lash tartibi belgilandi.

Adliya vazirligi 16-noyabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining tegishli buyrug‘ini 3975-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Hujjat 17-noyabrda rasman e’lon qilinib, shu kundan kuchga kirgan.

Yangi tartibga ko‘ra, agentlik tizimidagi ayrim ta’lim muassasalarining bosh hisobchilari, yetakchi hisobchilari, hisobchilari va kadrlar bo‘yicha inspektorlariga tarif razryadi hamda ish stajiga qarab har oylik ustamalar to‘lanadi.

Ustama miqdori quyidagicha:

  • 1 yildan 3 yilgacha — lavozim maoshining 30 foizi;
  • 3 yildan 5 yilgacha — 60 foizi;
  • 5 yildan 10 yilgacha — 80 foizi;
  • 10 yildan 15 yilgacha — 100 foizi;
  • 15 yil va undan ortiq — 120 foizi.

Ustamalar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oy to‘lanadi.

Tartib reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktablar, ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablar, ko‘p tarmoqli maktab va maktab-internatlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazlari xodimlari ham ushbu tartib bilan qamrab olinadi.

Maxsus texnikumlarning kadrlar bo‘yicha inspektorlari uchun ham tarif razryadi belgilangan. Unga ko‘ra, bosh hisobchilar uchun 14-razryad, yetakchi hisobchilar uchun 13-razryad, hisobchilar va kadrlar bo‘yicha inspektorlar uchun 12-razryad nazarda tutilgan.

Ustama tayinlashda xodimning mehnat daftarchasi, jumladan, elektron mehnat daftarchasidagi davlat va nodavlat tashkilotlarida ishlagan barcha davrlari hisobga olinadi.

Agar boshqa qonunchilik hujjatlarida tegishli lavozimlar uchun yuqoriroq tarif razryadlari belgilangan bo‘lsa, ish haqi va ustamalar yuqoriroq razryad hamda miqdorlar asosida to‘lanadi.