O‘zbekiston BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksida 194 ta davlat orasida 32-o‘rinni egalladi. Mamlakat ilk bor reytingning eng yuqori — Very High EGDI guruhiga kirdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida mazkur indeks bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or 30 ta davlati qatoridan joy olish maqsadini belgilagan.
Mamlakat 2024-yildagi natijasiga nisbatan 31 pog‘onaga, 2020-yilga nisbatan esa 55 pog‘onaga yuqoriladi.
2026-yilgi tadqiqotda O‘zbekistonning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi 0,8930 ballni tashkil etdi. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 0,7999 ball bo‘lgan.
Tadqiqotda onlayn davlat xizmatlari 0,8885, telekommunikatsiya infratuzilmasi 0,9213, inson kapitali 0,8692 ball bilan baholangan. Fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki ko‘rsatkichi esa 0,8276 ballni tashkil etgan.
Hisobotda O‘zbekistonning raqamli transformatsiya, jumladan, sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari ham qayd etilgan.