Dubayda o‘tkaziladigan GITEX GLOBAL 2026 ko‘rgazmasida ilk bor robototexnikaga bag‘ishlangan maxsus bo‘lim tashkil etiladi. Unda gumanoid robotlar, avtonom mashinalar va sun’iy intellekt asosidagi sanoat tizimlari namoyish etiladi.
GITEX World RobotiX dasturi 8–11-dekabr kunlari Expo City Dubai hududidagi Dubai Exhibition Centre’da bo‘lib o‘tadi. Unda sanoat, logistika, sog‘liqni saqlash, turizm va davlat xizmatlari uchun ishlab chiqilgan robotlar taqdim etiladi.
Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida dunyo bo‘ylab 22 mingdan ortiq gumanoid robot yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 300 foizga ko‘p. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 50 mingdan oshishi kutilmoqda.
Ko‘rgazmada Xitoyning Unitree, UBTECH, AiMOGA va DEEP Robotics, shuningdek, BAAning Micropolis Robotics kompaniyalari qatnashadi. UBTECH robotlari avtomobil zavodlarida ishlatilmoqda va Airbus tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda. Micropolis esa Dubay politsiyasiga avtonom patrul robotlarini yetkazib bermoqda.
Dubay 2032-yilgacha 200 mingta robotdan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Ko‘rgazmada qanday robotlar namoyish etiladi?
BAAdagi Mangobot kompaniyasi avtonom universal robotlar, patrul texnikalari, qabulxona robotlari va taqiladigan ekzoskeletlarini taqdim etadi.
Xitoyning Lumos Robotics kompaniyasi Yaqin Sharqda ilk bor MOS 2 robotini namoyish qiladi. Ikki qo‘lli va g‘ildiraklarda harakatlanadigan robot 50 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi va sakkiz soatdan ortiq ishlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, uning avvalgi avlod robotlari Mitsubishi Electric zavodida yuk tashish, mahsulot sifatini tekshirish va vintlarni mahkamlash kabi vazifalarni bajargan.
Ko‘rgazmada insonlar bilan muloqot qila oladigan robotlar ham namoyish etiladi. Jumladan, Chengdu Humanoid Robot Innovation Centre savdo va jamoat xizmatlari uchun mo‘ljallangan, ingliz va arab tillarida muloqot qila oladigan TP01 robotini taqdim etadi.
Shuningdek, DINOBOT robot-dinozavr va turli ishlab chiqaruvchilarning gumanoid, to‘rt oyoqli hamda xizmat ko‘rsatish robotlari namoyish qilinadi.
Robototexnika uchun zarur apparat va dasturiy ta’minotlar ham ko‘rgazmaning alohida yo‘nalishlaridan bo‘ladi. Unda NVIDIA, Intel, AMD, Qualcomm va NXP texnologiyalari asosidagi sanoat platformalari, robotlarni simulyatsiya qilish va sun’iy intellekt modellarini o‘qitishga mo‘ljallangan dasturlar taqdim etiladi.
GITEX GLOBAL 2026 ko‘rgazmasi 7-dekabr kuni Dubaydagi Butunjahon savdo markazida sammit bilan boshlanadi. 8–11-dekabr kunlari esa asosiy ko‘rgazma Dubai Exhibition Centre’da o‘tkaziladi. Tadbirga 180 ta davlatdan 6 mingdan ortiq kompaniya va startap, 400 dan ortiq davlat tashkiloti hamda 200 mingdan ziyod mutaxassis va rahbar kelishi kutilmoqda.