O‘zbekistonda ChatGPT, Gemini, Claude, Grok, DeepSeek va Meta AI kabi sun’iy intellekt platformalarini takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalariga moslashtirish choralari ko‘riladi. Bu tegishli qaror loyihasida nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2026–2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek, Meta va boshqa kompaniyalarga ularning sun’iy intellekt platformalarini yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalari asosida ishlashiga doir rasmiy murojaatlar yuboriladi.

Xalqaro AI platformalarini yangi alifbo va imloga moslashtirish bo‘yicha kompaniyalarga amaliy yordam ham ko‘rsatiladi. Bu ishlar uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasi mas’ul etib belgilanmoqda.

Elektron savdo platformalari ham yangi alifboga o‘tadi

Qaror loyihasida elektron savdo platformalari, buyurtmalar agregatorlari, raqamli striming xizmatlari, elektron kataloglar, mahsulot va xizmat tavsiflarini ham takomillashtirilgan o‘zbek alifbosida yuritish belgilangan.

Shuningdek, qonun kuchga kirgunga qadar bank-moliya, soliq va bojxona tizimlarining dasturiy ta’minoti, mobil ilovalari hamda bankomat interfeyslari yangi alifbo va imloga moslashtiriladi.

Mahsulot qadoqlarida yangi alifbo majburiy bo‘ladi

2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha mahsulot qadoqlari va yorliqlarida amaldagi va yangi alifbodan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.

2028-yil 22-apreldan yangi buyurtma asosida chop etiladigan qadoq va yorliqlarda takomillashtirilgan o‘zbek alifbosidan foydalanish majburiy bo‘ladi.

Avvalgi alifboda chop etilgan qadoqlash materiallarining mavjud zaxiralaridan 2029-yil 22-aprelgacha foydalanishga ruxsat beriladi. Shu muddatgacha qonuniy tamg‘alangan mahsulotlar esa yaroqlilik muddati tugaguniga qadar sotilishi mumkin.

Qaror loyihasi muhokamasi 6-dekabrgacha davom etadi.