O‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritilishi muomaladagi naqd pullarni almashtirish zaruratini keltirib chiqarmaydi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Alifbodagi ayrim harflarning yozilishiga o‘zgartirish kiritildi. Lekin bu hozir qo‘lingizdagi amaldagi pullarni ham almashtirish kerak degani emas. Hozir muomalada bo‘lgan barcha pullar avvalgidek ishlatilaveradi”, deyiladi Markaziy bank vakili izohida.

Qayd etilishicha, amaldagi banknotlar bilan xarid qilish va to‘lovlarni amalga oshirish mumkin. Kelajakda yangilangan alifbo asosida yangi banknotlar chiqarilsa, ular ham hozirgi pullar bilan bir vaqtda muomalada bo‘ladi.

Markaziy bank yangi banknotlar chiqarilishi haqida kamida bir hafta oldin rasmiy axborot beradi.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi 17-noyabr kuni banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, pul belgilarining dizaynida O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakat yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi. Banknotlardagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, banklar naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni oldindan rejalashtiradi. Ular har oy naqd pul kirimi va chiqimi bo‘yicha prognoz tayyorlab, oy boshlanishidan kamida uch bank ish kuni oldin elektron shaklda taqdim etadi.