O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarini sportga jalb etishning yangi tizimi joriy qilinadi. Maktablar qoshidagi sport klublari va to‘garaklari tarmog‘i kengaytirilib, “maktabdan Sport akademiyasigacha” tamoyili asosida yangi to‘garaklar tashkil etiladi.

Bu Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni imzolagan “Sport sohasini raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.
Unga ko‘ra, sport maktablarini biriktirgan holda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha har bir maktabda kamida bittadan sport to‘garagi yo‘lga qo‘yiladi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining faoliyati ham rivojlantiriladi.
Sport inshootlarini MySport orqali band qilish mumkin bo‘ladi
Qaror bilan sport sohasini to‘liq raqamlashtirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.
“ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi joriy qilinib, u boshqa davlat tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
“ERP sport” tizimi doirasidagi “MySport” mobil ilovasida ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Foydalanuvchilar davlat va nodavlat sport tashkilotlarining pullik bino hamda inshootlarini soatlik, kunlik, oylik yoki yillik tariflar asosida band qilib, to‘lovni ilova orqali amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, ilova orqali sport tashkilotlarining reytinglari, sport turlari, tariflar, inshootlarning joylashuvi va aksiyalar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Davlat sport tashkilotlariga qarashli bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar ham elektron tizim orqali nazorat qilinadi.