O‘zbek tilidagi 5,6 mln hujjat va qariyb 6 mlrd so‘zni o‘z ichiga olgan yirik matnlar korpusi ishlab chiqilib, Hugging Face platformasida ochiq foydalanish uchun joylashtirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Korpus o‘zbek tilidagi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida yaratilgan. Undagi matnlar lotin va kirill yozuvlarida jamlangan.
Ma’lumotlar bazasidan skanerlangan kitoblar, gazeta va arxiv materiallari, qonunchilik hujjatlari, Vikipediya maqolalari, veb-sahifalar hamda ochiq Telegram postlari o‘rin olgan. Matnlar qayta ishlanib, sifati bo‘yicha saralangan hamda soha va mavzular kesimida tasniflangan.
Korpusdagi shaxsiy ma’lumotlar [Phone], [Name] kabi maxsus belgilar bilan almashtirilgan.
Korpusni yaratish Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2025-yil 21-oktyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish topshirig‘i doirasida amalga oshirilgan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, korpusni yirik til modellari ishlab chiquvchilariga taqdim etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, Qwen modeli bilan hamkorlik boshlangan.
Korpusdan maqsad sun’iy intellekt modellarining o‘zbek tilini tushunish, qayta ishlash va shu tilda sifatli matn yaratish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.