“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov o‘zbek ota-onalarning farzandlari uchun boshqa ta’lim tilini tanlash huquqini cheklashni taklif qildi. U bu haqda 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan partiya fraksiyasi yig‘ilishida gapirdi.

Qodirov “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi. Amaldagi tartib ota-onalarga farzandlari uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya shakllari hamda ta’lim tilini erkin tanlash imkonini beradi.
Deputat davlat ta’lim standartlarida bolalarning boshlang‘ich ta’lim va tarbiyani davlat tilida olishini majburiy etib belgilash kerakligini ta’kidladi.
“Qanday qilib boshlang‘ich ta’lim davlat tilida bo‘lmasligi mumkin? Davlat ta’lim standartlariga rioya qilishi va u standartlarda bola boshlang‘ich ta’limni va tarbiyani davlat tilida ko‘rishi majbur degan narsani qo‘yib qo‘yishimiz kerak. Agar u narsani qilolmasak, bu qonundan foyda yo‘q”, dedi u.
Qodirov amaldagi tartibdagi ta’lim tilini erkin tanlash huquqini ham tanqid qildi.
“Hozir mana, maktabgacha ta’lim to‘g‘risidagi qonun, 38-modda. Ota-onalar erkin tanlash huquqiga ega. Erkin kim tanlayapti, nimani tanlayapti? Boshqa tilni tanlayapti. Davlat siyosati nima bo‘ladi? Milliy qadriyatlarimiz, o‘zimizning Vatanimizni yaxshi ko‘radigan, vatanparvar avlod yetishtirish haqida gapiryapmizmi?” dedi deputat.
Uning fikricha, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Qodirov oliy ta’limda til tanlash erkinligi saqlanishi mumkinligini, biroq boshlang‘ich ta’limda bunday huquq cheklanishi kerakligini aytdi.
“Oliy ta’limda mayli, marhamat, xohlagan tilda o‘qiyversin. Lekin boshlang‘ich ta’limda tanlash huquqini bermaslik kerak. Boshqa millatli vatandoshimiz bo‘lsa, marhamat, uning milliy tili, u tanlashga huquqi bor. Lekin ota-onasi o‘zbek bo‘lgan odamga boshqa tilni tanlash huquqini bermaslik kerak”, dedi u.
Deputat bu masalani milliy xavfsizlik bilan bog‘lab, ta’lim tilining milliy o‘zlikni saqlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.
“Unga milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qarash kerak. Ta’lim-tarbiya siyosatimizni ro‘yobga chiqishi nuqtayi nazaridan qarash kerak. Tildan boy bergandan keyin sertifikatimiz ham bir tiyin. Har qanaqa metodologiyamiz ham bir tiyin. Tildan boy bergan bolamizni biz hech qachon o‘zimizniki qilolmaymiz. Bu milliy tahdid emasmi?” dedi deputat.
Qodirov tilning yo‘qolishi milliy madaniyat va vatanparvarlik tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishini ham aytdi.
“Til yo‘qotgandan keyin madaniyat yo‘qotiladi, bilib qo‘yinglar. Unga keyin vatanparvarlikni xohlaganingizcha o‘qiting, foydasi yo‘q. Vatanparvarlik singdirilmaydi. Vatanparvarlik onasining suti bilan boshlanadi, ta’lim-tarbiya tizimi bilan mahkamlanadi”, dedi Qodirov.
U fraksiya yig‘ilishida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasiga o‘zgartirish kiritish tashabbusi ilgari surilishini kutayotganini bildirdi.