O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida 17-noyabr kuni strategik sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ziyod hujjat almashildi.

Bg

Masqat shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ummon sultoni Haysam bin Toriq Ol Said huzurida o‘tkazilgan marosimda hujjatlar ikki tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolandi.

Xususan, O‘zbekiston va Ummon o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi. Hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish va hamkorlikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, o‘zaro vizadan ozod qilish, sanoat kooperatsiyasi, moliya va iqtisodiyot, imtiyozli savdo, erkin iqtisodiy zonalar, bojxona, transport-logistika, axborot texnologiyalari, uy-joy va shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va sport kabi yo‘nalishlarda hujjatlar almashildi.

Kelishuvlar, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat va inson resurslari, davlat boshqaruvi va xizmati, arxivlashtirish hamda boshqa sohalardagi hamkorlikni ham qamrab oladi.