Shu hafta Xitoy janubidagi Xaynan muzofotida “Osiyo o‘zgaruvchan dunyoda: umumiy kelajak sari” shiori ostidagi Boao Osiyo forumi (BAF) o‘z ishini boshladi.
Anjuman oldidan tayyorlangan “Osiyoda iqtisodiy istiqbollar va integratsiya jarayoni 2025” hisobotida keltirilishicha, Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 2025 yilda 4,5 foizni tashkil etadi.
Hisobotda aytilishicha, Sharqiy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 4,3 foizga yuqorilashi kutilmoqda. Janubiy Osiyoning o‘sishi 5,9 foiz, G‘arbiy Osiyoda esa 2,9 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
E’tiborli jihati, joriy yilda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 5 foizgacha oshishi kutilmoqda. Shuningdek, hisobot mualliflari 2025 yilda Osiyoning xarid qobiliyati muvozanati bo‘yicha jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 48,6 foizgacha oshishini bashorat qilmoqda.
Osiyoda tovarlarning tashqi savdosi asta-sekin o‘sish sur’atlarini tiklamoqda, xizmatlar savdosi esa jadal o‘sishni ko‘rsatmoqda. Innovatsiyalar nuqtai nazaridan Osiyo ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarga investitsiyalar sur’atining jadallashuvi va patent talabnomalari bo‘yicha dunyoning boshqa mintaqalarini sezilarli darajada ortda qoldirib, global yetakchiga aylandi.
Ma’lumot o‘rnida: 2001 yilda tashkil etilgan Boao Osiyo forumi 29 a’zo davlat tomonidan birgalikda tuzilgan nodavlat xalqaro tashkilot hisoblanadi. BAFni tashkil etishdan maqsad Osiyoda iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish edi. Shuningdek, Boao forumi “Sharq Davosi” deb ham nomlanadi.
Bu galgi anjuman doirasida 50 dan ortiq yo‘nalishdagi muhokamalar va kichik forumlar o‘tkazish rejalashtirilgan.