AQSHning Illinoys shtatidagi universitetlardan birida bir professor talabalarning mustaqil bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar — insholar va keyinchalik dekanatga yuborilgan tushuntirish xatlari — sun’iy intellekt (AI) yordamida tayyorlanganini aniqladi.

O‘qituvchi dastlab topshirilgan insholardagi uslubiy o‘xshashliklar, fikrlar ketma-ketligining bir hil bo‘lishi va matnlarda sun’iy intellektga xos “mukammal” tuzilmaning mavjudligini sezdi. Shubhalar kuchaygach, talabalaridan yozma tushuntirish xatini talab qildi. Dekanatga yuborilgan barcha xatlar esa bir xil jumla — “Chin dildan uzr so‘rayman” bilan boshlangani va umumiy qolipda yozilgani sababli, professor yana AI ishlatilganini aniqladi.
Professor barcha xatlarni yig‘ib, auditoriyada proyektor orqali namoyish etdi; natijada talabalar noqulay vaziyatga tushdi. Hodisa qisqa fursatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Talabalardan biri voqeaga oid rasmlarni e’lon qilib, “ChatGPT’dan foydalanganimiz uchun hamma uzr so‘radi… Biz tamom bo‘ldik”, deb yozdi.
Mutaxassislar fikricha, bunday holatlar noyob emas: so‘nggi yillarda AQSH, Kanada va Yevropadagi ko‘plab oliy taʼlim muassasalari ChatGPT va unga o‘xshash platformalarning noqonuniy yoki ruxsatsiz foydalanilishiga qarshi chora-tadbirlar — maxsus qoidalar va tekshiruv mexanizmlari — joriy etmoqda. Ushbu tadbirlar o‘qituvchilar va universitet rahbariyati uchun akademik halollikni taʼminlashga xizmat qiladi.