Mali hukumati 27-oktyabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab maktablar va oliy o‘quv yurtlarida darslarni ikki haftaga to‘xtatdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hukumatning 26-oktyabr kuni kechqurun e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, bunday qarorga yonilg‘i taqchilligi sabab bo‘lgan. Mazkur tanqislikning ortida “Jama’at Nusrat al-Islam val-Muslimin” (JNIM) guruhi turgani aytilmoqda. “Al-Qoida” bilan aloqador bu jangarilar sentyabr oyi boshida mamlakatga yonilg‘i importini to‘suvchi blokada e’lon qilgan va o‘shandan beri poytaxt Bamako tomon harakatlanayotgan tankerlarni nishonga olmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, bu blokada jangarilar tomonidan harbiylar boshqaruvidagi hukumatga bosim o‘tkazish va mamlakat iqtisodiy hayotini izdan chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Oqibatda Bamako shahridagi ayrim yonilg‘i shoxobchalari yopilib, ko‘plab haydovchilar mashinalarini ishlata olmayapti. Fuqarolar piyoda yurishga, mototsikl taksilaridan foydalanishga yoki uyda qolishga majbur bo‘lmoqda.
Maktablarning yopilishi haqidagi xabardan ikki kun oldin Rossiya Mali bilan hamkorlikni kengaytirishini ma’lum qilgan. Ushbu hamkorlik doirasida 160–200 ming tonna neft mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi tovarlarini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan Aleksey Keulika yetkaziladigan mahsulotlar turi yoki ularning qachon yuborilishini ochiqlamagan. U, shuningdek, mamlakatda Rossiya ko‘magida qurilayotgan yangi oltin zavodi bo‘yicha direktorlar kengashi yig‘ilishi kelasi oyda o‘tkazilishini bildirgan.