O‘zbekiston hukumati va OpenAI kompaniyasi vakillari o‘rtasida ilk ish uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Hikmatilla Ubaydullayev ma’lum qildi.

Uchrashuvda OpenAI kompaniyasidan ta’lim va hamkorlik yo‘nalishlari rahbarlari — Valeri Fokke, Dips Patel, Shaig Ali va Karlotta Serrano ishtirok etgan.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni mamlakatning sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohasidagi strategiyasini taqdim etdi. Shuningdek, o‘qituvchilar va talabalarga himoyalangan muhitda kuchli til modellari bilan ishlash, o‘z sun’iy intellekt yordamchilari hamda o‘quv materiallarini yaratish imkonini beruvchi OpenAI’ning ChatGPT EDU ta’lim platformasini ishga tushirish masalasi muhokama qilingan.
Sun’iy intellekt yordamida har bir o‘quvchining bilim darajasi va qiziqishlariga moslashtirilgan shaxsiylashtirilgan ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ubaydullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv “hammaga bir xil narsani tushuntirish” usulidan voz kechib, o‘qituvchilarga o‘quvchilar bilan individual ishlash imkonini beradi.
Tomonlar yangi dastur yaratish o‘rniga, OpenAI ekspertizasi va kurslarini “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy tashabbusiga integratsiya qilishga kelishib olgan. Bu o‘zbekistonlik o‘quvchilar, talabalar va o‘qituvchilarga sun’iy intellektni jahon standartlari asosida o‘rganish imkonini beradi.
Shuningdek, mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilingan. OpenAI o‘z vositalari va API’lariga imtiyozli kirish, shuningdek, xakatonlar hamda akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.
“Bu O‘zbekistonda ta’lim platformalaridan tortib, biznes uchun xizmatlargacha bo‘lgan o‘z sun’iy intellekt mahsulotlarining yaratilishi uchun imkoniyatlar ochadi”, — dedi Hikmatilla Ubaydullayev.
O‘zbekiston tomoni, shuningdek, mamlakatning madaniy va til xususiyatlariga mos modellarni mahalliylashtirish, o‘zbek tilidagi ma’lumotlar bazasini yaratish va GPU-klaster qurish rejalarini taqdim etgan. OpenAI vakillari o‘z modellari allaqachon o‘zbek tilini ishonchli tarzda tushunishini ta’kidlab, bu yo‘nalishda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.