O‘zbekiston Prezidentining kasbiy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha 9-sinf bitiruvchilarining texnikumlar bilan qamrovi 29 foizdan 50 foizga, dual ta’lim — ya’ni o‘qish va ishlab chiqarish amaliyotini uyg‘unlashtirgan tizim ulushi 9 foizdan 40 foizga yetkaziladi.
2026-yildan boshlab o‘quvchilarni erta kasbga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim bosqichidan “Atrofimizdagi kasblar” o‘yinlari, 1–9-sinflarda esa kasb tanlashga oid maxsus fanlar o‘qitiladi. 2028-yildan 9-sinf yakuniy imtihonlari natijasiga ko‘ra, o‘quvchilar texnikumlarga yo‘naltiriladi.
Kelasi yildan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining maoshi o‘qituvchilarnikiga tenglashtiriladi, har bir ustaning o‘quvchilar soni 20 nafardan oshmaydi. Eng yaxshi 50 nafar usta va o‘qituvchi har yili xorijda malaka oshiradi.
Dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga har oy BHM miqdorida stipendiya to‘lanadi, bu davr mehnat stajiga qo‘shiladi. Ish beruvchilarga esa 7 yilgacha 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Shuningdek, 2026-yildan “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” joriy etiladi. Reytingda yuqori o‘rinlarni egallagan texnikumlar BHMning 3000 baravari miqdorida mukofotlanadi.
Qarorga muvofiq, 2030-yilgacha texnikumlarni tugatish va ularning yer hamda binolarini xususiylashtirish taqiqlanadi. 2025/2026-o‘quv yilidan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda bepul, 11-sinf bitiruvchilari esa to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.