Associated Press 65 yoshli Deniza Bekon ismli ayol Londondagi Qirollik kolleji kasalxonasida o‘tkazilgan miya operatsiyasi paytida klarnet chalgani haqida xabar berdi.

Denizaga bundan o‘n yildan ortiq avval Parkinson kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Mazkur xastalik qo‘l va oyoqlarda titroq, mushaklarning qotishi, harakat sekinlashuvi hamda muvozanatning buzilishi bilan kechadi. Parkinson kasalligini to‘liq davolovchi usul hozircha mavjud emas, biroq dori vositalari va chuqur miya stimulyatsiyasi (DBS) kabi muolajalar simptomlarni kamaytiradi.

Shifokorlar Denizada aynan DBS usulini qo‘llagan — bu usul miya ichiga o‘rnatilgan elektrodlar yordamida simptomlarni keltirib chiqaruvchi g‘ayritabiiy signallarni boshqaradi.

Operatsiya vaqtida Deniza hushyor bo‘lgan va shifokorlar elektrod joylashuvini sozlayotgan paytda u klarnet chalgan. Bu jarayon mutaxassislarga uning harakat reaksiyasini real vaqt rejimida kuzatish imkonini bergan.

“Barmoqlarim deyarli bir zumda erkinroq harakatlana boshladi”, — degan Deniza Bekon va bu lahzani “hayotimni o‘zgartirgan on” deb ta’riflagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, DBS usuli Parkinson kasalligini butunlay davolamaydi, ammo titroqni kamaytirib, bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.