Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Seysmik xavfsizlik va barqaror qurilish milliy tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- seysmik xavfsizlikni ta’minlash va barqaror qurilish yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;
- tegishli litsenziya talablari va shartlarini bajargan holda shaharsozlik sohasida litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish;
- boshqa ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar, ta’lim muassasalari, shu jumladan xalqaro hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish.
Muassasa o‘zini o‘zi moliyalashtirish tamoyili asosida faoliyat yuritadi va Kengashlar nazorati ostida boshqariladi.
Shuningdek, institutga ilmiy unvonlar va ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish, shuningdek, o‘z faoliyatiga mos ixtisosliklar bo‘yicha doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarni tayyorlash huquqi beriladi.