Shimoliy Nurota tog‘larida joylashgan Ko‘ktonli neolit yodgorligida yangi arxeologik topilmalar aniqlandi. Bu haqda Madaniyat merosi agentligi xabar berdi.

Joriy yilning oktyabr oyida Madaniyat merosi agentligi huzuridagi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti Tosh davri bo‘limi xodimlari Aziz Imomov va Fozilbek Tursunqulov tomonidan yodgorlikda qazishma ishlari olib borildi.
Tadqiqot jarayonida yodgorlik atrofi ham batafsil o‘rganilib, sarg‘ish-qizil tusdagi tabiiy ma’dan bo‘yoqlar bilan chizilgan qo‘l panjalari va inson tasvirlarini o‘z ichiga olgan qoyatosh rasmlar topildi. Mutaxassislarning fikricha, bu tasvirlar Ko‘ktonli neolit yodgorligining madaniy qatlamlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, shunga o‘xshash qoyatosh tasvirlar ilgari Qashqadaryo viloyatidagi Siypantosh yodgorligida ham aniqlangan edi. Ayni paytda Ko‘ktonli yodgorligida ilmiy-tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.