So‘nggi yuz yil ichidagi eng uzoq davom etadigan to‘liq Quyosh tutilishi 2027-yil 2-avgust kuni sodir bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda NASA prognozlariga tayanib, The Daily Galaxy nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur astronomik hodisa vaqtida ayrim hududlarda kunduzgi yorug‘lik olti daqiqadan sal ko‘proq muddatga tunga almashadi. Oy soyasi Yevropa, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq hududlari ustidan o‘tadi.
Astronomlarning qayd etishicha, to‘liq Quyosh tutilishi Marokash va Ispaniyaning janubiy hududlaridan boshlanib, Jazoir, Tunis va Liviya orqali davom etadi hamda Misr hududini deyarli to‘liq qoplaydi. Shundan so‘ng Oy soyasi Yaqin Sharq tomonga yo‘naladi.
Eng qulay kuzatuv sharoiti Misrning Luksor va Asuan shaharlarida bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu hududlarda kunduzgi qorong‘ilik 6 daqiqadan ortiq davom etib, XXI asrdagi eng uzoq to‘liq Quyosh tutilishi qayd etiladi. Tutilish vaqtida Quyosh Oy gardishi ortida butunlay g‘oyib bo‘ladi, havo harorati pasayadi, osmonda yulduzlar ko‘rinadi hamda Quyoshning tashqi qatlami — quyosh toji aniq ko‘zga tashlanadi.
Qayd etilishicha, to‘liq Quyosh tutilishining davomiyligi Yer, Oy va Quyoshning o‘zaro joylashuviga bevosita bog‘liq. 2027-yilda ushbu joylashuv deyarli mukammal bo‘lgani sababli tutilish 6 daqiqa 23 soniya davom etadi. Shunga yaqin davomiylikdagi navbatdagi hodisa 2045-yilda kuzatilishi kutilmoqda.