“Tolibon” harakati Afg‘onistonning davlat va xususiy universitetlarida jami 679 ta ilmiy kitob hamda o‘quv qo‘llanmani o‘qitishni rasman taqiqladi. Bu haqda Afghanistan International nashri xabar berdi.

Okip

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror diniy ulamolar va islomshunos professorlardan iborat maxsus komissiya tomonidan kitoblar mazmuni o‘rganilgach qabul qilingan. 24-sentyabr kuni Oliy ta’lim vazirining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ziyourrahmon ar Aryubiy tomonidan imzolangan rasmiy xatda taqiqlangan kitoblar ro‘yxati universitetlarga yuborilgan.

Komissiya kitoblarni e’tiqod, tafakkur, diniy, siyosiy, madaniy va ilmiy jihatdan tahlil qilgan. Natijada taqiqlangan adabiyotlar qatoriga iqtisodiyot, sotsiologiya, huquq, san’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika va adabiyot yo‘nalishlariga oid darsliklar kiritilgan.

Xususan, quyidagi mavzular bo‘yicha kitoblarni o‘qitish taqiqlangan:
– huquq asoslari;
– tashkilotlar iqtisodiyoti;
– xalqaro barqaror rivojlanish;
– tashkilotlar sotsiologiyasi;
– siyosiy sotsiologiya;
– antropologiya asoslari;
– islom sivilizatsiyasi tarixi;
– XX asr siyosiy tafakkuri;
– estetika va san’at falsafasi.

Vazirlik universitetlardan taqiqlangan adabiyotlar o‘rniga islomiy qadriyatlar va “Tolibon” siyosatiga zid bo‘lmagan darsliklardan foydalanishni so‘ragan. Qanday yangi kitoblar o‘quv dasturiga kiritilishi esa alohida komissiya tomonidan belgilanadi.