O‘n yildan ortiq vaqt davomida faqat Amazon qurilmalariga integratsiya qilingan Alexa sun’iy intellekt yordamchisi ilk bor veb-brauzer shaklida taqdim etildi. Bu haqda 5-yanvar kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotga tayanib, Euronews xabar berdi.

Ede

Ma’lum qilinishicha, Amazon 2025-yil fevral oyida ishga tushirgan Alexa+ premium generativ sun’iy intellekt xizmatining dastlabki foydalanuvchilari endilikda chatbotdan to‘g‘ridan to‘g‘ri brauzer orqali foydalanishlari mumkin. Buning uchun foydalanuvchilar Alexa.com sayti orqali o‘z akkauntlariga kirishlari kifoya.

Yangi veb-interfeys Amazon’ni generativ sun’iy intellekt bozorida OpenAI (ChatGPT), Google (Gemini) va Anthropic (Claude) kabi yetakchi kompaniyalar bilan bevosita raqobatchiga aylantiradi. Qayd etilishicha, kompaniya aksiyadorlari Amazon’dan ushbu sohada raqobatbardosh bo‘lish uchun apparat va dasturiy ta’minotni yangilashni talab qilib kelayotgan edi.

Shu paytgacha Alexa+ xizmati faqat AQSH va Kanadada, Amazon’ning ayrim yangi aqlli qurilmalari hamda mobil ilovasi orqali taqdim etilgan. Kompaniya blogida keltirilishicha, “Alexa+ foydalanuvchi qayerda bo‘lishidan qat’i nazar — uyda, telefonda yoki endilikda veb-saytda ham doimo tayyor bo‘lishi kerak”.

Alexa+ quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • sayohatlar uchun chipta va restoranlarda joy band qilish;
  • haftalik ovqatlanish rejalarini tuzish;
  • “aqlli uy” qurilmalarini boshqarish;
  • barcha platformalar va Amazon Echo qurilmalari o‘rtasida chatlar tarixi hamda shaxsiy sozlamalarni sinxronizatsiya qilish.

Xizmatdan foydalanish uchun AQSH yoki Kanadadagi foydalanuvchilar kutish ro‘yxatiga qo‘shilishi yoki yangi Amazon Echo qurilmasini xarid qilishi lozim. Ushbu pulli xizmat Prime obunachilari uchun bepul taqdim etiladi. Amazon’ning bildirishicha, hozirda “o‘n millionlab” foydalanuvchilar Alexa+ xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, yaqin kelajakda ushbu funksiya boshqa hududlarda ham joriy etilishi rejalashtirilgan.