Olimlar Antarktidaning quyosh nuri yetib bormaydigan, o‘ta sovuq chuqur suvlarida ilk bor akulani videoga muhrlashga muvaffaq bo‘ldi. Shu paytgacha ko‘plab mutaxassislar bunday sharoitda akulalar yashay olmasligini ta’kidlab kelgan edi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yanvar oyida olingan kadrlar Antarktida suvlarida yirik polyar akulasi mavjudligini ko‘rsatgan. Tadqiqotchi Alan Jamiesonning aytishicha, aniqlangan akulaning uzunligi taxminan 3–4 metrni tashkil etadi.
“Biz u yerda akulani ko‘rishni mutlaqo kutmagandik. Antarktidada akulalar bo‘lmaydi degan qarash juda keng tarqalgan. Bu oddiy baliq emas, balki haqiqiy bahaybat jonzot — go‘yo suvosti tankiga o‘xshaydi”, — deydi olim.
Akula Minderoo-UWA Deep Sea Research Centre[‘ga tegishli maxsus kamera orqali tasvirga olingan. Kamera Antarktida yarim oroliga yaqin joylashgan South Shetland Islands qirg‘oqlari yaqinida o‘rnatilgan. Mazkur hudud 60° janubiy kenglikdan pastda, ya’ni Southern Ocean markaziy qismida joylashgan.
Qayd etilishicha, akula 490 metr chuqurlikda, suv harorati atigi 1,27 daraja bo‘lgan sharoitda aniqlangan. Videokadrlarda uning yonida harakatsiz yotgan skat ham ko‘rinadi. Olimlar skatlar bu hududda uchrashini bilishgan, biroq akulaning paydo bo‘lishi kutilmagan hodisa bo‘lgan.
Iqlim o‘zgarishi ta’siri bo‘lishi mumkin
Charles Darwin University biologi Peter Kynening fikricha, iqlim o‘zgarishi va okean suvlarining isishi akulalarni tobora janubroq, sovuq mintaqalarga ko‘chishga majbur qilayotgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, u bu turdagi akulalar Antarktida suvlarida avval ham yashagan, biroq insonlar ko‘ziga tashlanmagan bo‘lishi ehtimolini ham istisno etmaydi.
Alan Jeymison esa akulaning aynan 500 metrga yaqin chuqurlikda aniqlanishi bejiz emasligini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Antarktida suvlarida turli qatlamlar mavjud bo‘lib, mazkur chuqurlikdagi qatlam nisbatan iliqroq hisoblanadi.
Olimlar taxminicha, Antarktida akulalari suv tubiga cho‘kkan kit o‘limtiklari, ulkan kalmarlar va boshqa dengiz jonzotlari bilan oziqlanadi. Tadqiqot kameralari esa faqat dekabrdan fevralgacha — janubiy yarimsharning yoz oylarida ishlaydi.
“Yilning qolgan qismida u yerda nimalar bo‘layotganini deyarli hech kim bilmaydi. Shu sababli vaqti-vaqti bilan bunday kutilmagan topilmalarga duch kelamiz”, — deya xulosa qilgan Jeymison.