Kongo Demokratik Respublikasida ebola virusini yuqtirib olgan amerikalik bemor Germaniyada 17 kun davom etgan davolanishdan so‘ng sog‘ayib, uyiga javob berildi. Bu haqda Charité klinikasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, bemor 20-may kuni Berlindagi klinikaga ebola kasalligining yaqqol belgilari bilan yotqizilgan. Shifokorlar unga hozircha sinovdan o‘tayotgan eksperimental davolash usullarini qo‘llagan.
Klinika bayonotiga ko‘ra, ebolaning Bundibugyo shtammiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas. Shunga qaramay, virusga qarshi terapiya va qo‘llab-quvvatlovchi muolajalar natijasida bemor organizmidagi virus miqdori sezilarli darajada kamaygan. 30-maydan boshlab esa unda virus aniqlanmagan.
Bemorning rafiqasi va farzandlari ham kasallikni yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar sifatida karantinga olingan edi. Shifokorlar ularda infeksiya aniqlanmagani sababli cheklovlar bekor qilingan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasi va qo‘shni Uganda may oyi oxiriga qadar ebola bilan bog‘liq 900 dan ortiq kasallanish holati hamda 84 ta o‘lim haqida xabar bergan.
JSST vakillarining ta’kidlashicha, virusning yangi avj olishi xalqaro miqyosdagi sog‘liqni saqlash uchun favqulodda vaziyat sifatida baholanmoqda.
Ebola virusi og‘ir gemorragik isitmani keltirib chiqaradi. Bundibugyo shtammida o‘lim darajasi 50 foizgacha yetishi mumkin. Kasallik asosan tana suyuqliklari — qon, so‘lak, ter, ona suti va boshqa biologik ajralmalar bilan bevosita aloqa orqali yuqadi.
Kasallikning dastlabki belgilari orasida isitma, mushak og‘rig‘i, holsizlik, bosh va tomoq og‘rig‘i kuzatiladi. Keyinchalik ko‘ngil aynishi, diareya, terida toshmalar paydo bo‘lishi hamda qon ketishi holatlari yuzaga kelishi mumkin.