2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 29,5 yoshni tashkil etgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, hududlar kesimida o‘rtacha yosh ko‘rsatkichlari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxt aholisining o‘rtacha yoshi 32,7 yoshni tashkil qilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatida bu ko‘rsatkich 31,1 yosh, Toshkent viloyatida 31 yosh, Navoiy viloyatida 30,1 yosh va Farg‘ona viloyatida 30 yosh bo‘lgan.

Eng yosh aholi esa Surxondaryo viloyatida istiqomat qilmoqda. Ushbu hududda aholining o‘rtacha yoshi 27,4 yoshni tashkil etgan.

Qolgan hududlardagi ko‘rsatkichlar quyidagicha:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 29,8 yosh;
  • Andijon viloyati — 29,5 yosh;
  • Xorazm viloyati — 29,5 yosh;
  • Namangan viloyati — 29 yosh;
  • Sirdaryo viloyati — 28,7 yosh;
  • Samarqand viloyati — 28,5 yosh;
  • Jizzax viloyati — 28,4 yosh;
  • Qashqadaryo viloyati — 27,7 yosh.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida O‘zbekiston aholisi soni 38 million 236 ming kishidan oshgan. Shundan 17,6 million nafari 7 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar hissasiga to‘g‘ri keladi.