O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tahsil olayotgan magistr va doktorantlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Islom ma’rifati” stipendiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident tanishgan Islom sivilizatsiyasi markazini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Karta

Taqdimotda markazning ilmiy-tadqiqot va nashriyot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Xususan, markaz ilmiy jurnalini xalqaro Scopus va Web of Science ilmiy bazalariga kiritish, ilmiy markazlarning yagona integratsiyalashgan platformasini yaratish hamda qo‘lyozmalarning raqamli katalogini tayyorlash rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada ilmiy izlanish olib borayotgan magistr va doktorantlar uchun “Islom ma’rifati” stipendiyasini ta’sis etish, dunyoga mashhur olim va ekspertlarning kitoblari taqdimotlarini tashkil etish taklif qilindi.

Ma’lum qilinishicha, kelgusida 20 ming nafar yoshlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, jumladan imom-xatiblar va otinoyilarni Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali markazning ilmiy va ma’rifiy loyihalarida keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Taqdimot yakunida prezident takliflarni ma’qullab, markaz faoliyatini tizimli rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish hamda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.