O‘zbekistonda 2025-yilda birinchi marta nikohdan o‘tgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 25,6 yoshni, ayollarniki esa 21,4 yoshni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qo‘mita tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda erkaklarning ilk nikoh yoshi ma’lum darajada o‘zgarib borgan. Xususan, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 26,2 yoshni, 2020-yilda esa 26,4 yoshni tashkil etgan.
Yillar kesimida erkaklarning o‘rtacha ilk nikoh yoshi quyidagicha bo‘lgan:
- 2000-yil — 24,2 yosh;
- 2005-yil — 25 yosh;
- 2010-yil — 25,6 yosh;
- 2015-yil — 25,9 yosh;
- 2020-yil — 26,4 yosh;
- 2024-yil — 26,2 yosh;
- 2025-yil — 25,6 yosh.
Statistikaga ko‘ra, ayollar o‘rtasida ilk nikoh yoshi erkaklarga nisbatan pastroq bo‘lib qolmoqda. 2024-yilda birinchi marta turmush qurgan ayollarning o‘rtacha yoshi 21,8 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 21,4 yoshni tashkil etgan.
Ayollarning o‘rtacha ilk nikoh yoshi yillar davomida quyidagicha shakllangan:
- 2000-yil — 21,4 yosh;
- 2005-yil — 22,2 yosh;
- 2010-yil — 22,4 yosh;
- 2015-yil — 22,5 yosh;
- 2020-yil — 22,3 yosh;
- 2024-yil — 21,8 yosh;
- 2025-yil — 21,4 yosh.
Shu bilan birga, mamlakatda qayd etilayotgan nikohlar sonida ham pasayish kuzatilmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 267,1 mingta nikoh qayd etilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 4,7 mingtaga kam.
So‘nggi yillardagi nikohlar soni quyidagicha:
- 2021-yil — 305,2 mingta;
- 2022-yil — 296,7 mingta;
- 2023-yil — 283,8 mingta;
- 2025-yil — 267,1 mingta.
Avvalroq O‘zbekistonda 2027-yildan boshlab 21 yoshdan keyin ilk bor nikohdan o‘tgan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi ma’lum qilingan edi. Unga ko‘ra, bunday oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda subsidiya, ssuda va grantlarni amaldagi miqdordan 1,5 baravar ko‘proq olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.