O‘zbekistonda pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar bilimini baholash uchun tashqi diagnostika tizimi joriy etiladi. Bu tartibni nazarda tutuvchi nizom 9-iyun kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini baholash maqsadida tashqi diagnostika har o‘quv yilida bir marta pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari o‘rtasida test sinovlari shaklida tashkil etiladi.
Test sinovlari 50 ta savoldan iborat bo‘lib, ularni ishlash uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi va maksimal natija 100 ballni tashkil etadi.
Tashqi diagnostikani tashkil etish uchun har yili sentyabr oyida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan kamida 5 nafar malakali mutaxassisdan iborat ishchi guruh tuziladi.
Diagnostika yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha 56 ball va undan yuqori natija qayd etgan ta’lim yo‘nalishlari “talablarga javob beradigan”, 56 balldan past natija ko‘rsatgan yo‘nalishlar esa “talablarga javob bermaydigan” deb baholanadi.
Qayd etilishicha, tashqi diagnostika natijalari talabalarning joriy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yoki reyting ballariga ta’sir qilmaydi. Ular pedagog kadrlar tayyorlash sifati holatini tahlil qilish va mavjud muammolarni aniqlash uchun xizmat qiladi.
Mazkur baholash quyidagi pedagogika ta’lim yo‘nalishlarida amalga oshiriladi: pedagogika, maktabgacha ta’lim, maxsus pedagogika, boshlang‘ich ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, o‘zbek tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti, xorijiy til va adabiyoti, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, tarix, filologiya va tillarni o‘qitish, biologiya, kimyo, geografiya, fizika, astronomiya, matematika, amaliy matematika, sport faoliyati hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sport.
Yangi tartib pedagogika yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash sifati va ta’lim dasturlarining samaradorligini muntazam monitoring qilib borishga qaratilgan.