Vazirlar Mahkamasining 3-iyundagi qarori bilan Qurolli kuchlar davlat muzeyi negizida O‘zbekiston harbiy san’ati tarixi davlat muzeyi tashkil etiladi.

Kum

Hujjatda qayd etilishicha, muzeyni tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston xalqining 3 ming yildan ortiq davlatchilik tarixining ajralmas qismi bo‘lgan harbiy tarixni, buyuk sarkardalarning harbiy mahoratini, milliy Qurolli kuchlarning shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini, shuningdek, mamlakatda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka, ayniqsa yoshlar va xalqaro hamjamiyatga tanitish hamda targ‘ib qilishdan iborat.

Qarorga ko‘ra, Mudofaa vazirligi Madaniyat vazirligi, Madaniy meros agentligi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Badiiy akademiya bilan hamkorlikda muzey ekspozitsiyalarini yaratish ishlarini amalga oshiradi.

Bunda ekspozitsiyalarni yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada shakllantirish uchun iste’dodli ijodkorlar, rassomlar, tarixchilar va boshqa mutaxassislar jalb etiladi.

Hujjatda muzeyning umumiy ko‘rinishi va me’moriy yechimlari milliy uslub hamda an’analarga mos bo‘lishi belgilangan. Shuningdek, ekspozitsiyalarni yaratishda dunyoning ilg‘or muzey tajribalaridan foydalanish nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, muzeydagi ekspozitsiyalar va kompozitsiyalar ta’sirchan, interaktiv usullar, innovatsion texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalangan holda yaratiladi.

Mutasaddilar fikricha, yangi muzey O‘zbekistonning boy harbiy tarixini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash va milliy harbiy merosni targ‘ib etishda muhim o‘rin tutadi.