O‘zbekistonda palliativ va xospis yordamiga muhtoj bemorlar uchun nogironlikni belgilash tartibi soddalashtiriladi. Bu prezidentga taqdim etilgan onkologik va gematologik tibbiy yordam hamda palliativ xizmatlarni rivojlantirishga oid takliflarda nazarda tutilgan.

Takliflarga ko‘ra, palliativ va xospis yordamiga muhtojligi elektron axborot tizimida qayd etilgan bemorlarga tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va ko‘riklarsiz nogironlik belgilanadi.

Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab mamlakatda palliativ va xospis yordamining yagona tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali palliativ yordamga muhtoj shaxslarni aniqlash, hisobga olish, yo‘llash va ularga xizmat ko‘rsatish jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi.

Takliflarda uy sharoitida parvarishga muhtoj bemorlarga mobil palliativ brigadalar tomonidan tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, bunday bemorlarni funksional krovatlar va maxsus matraslar bilan vaucher tizimi asosida ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, respublikaning barcha hududlarida xospis muassasalarini bosqichma-bosqich tashkil etish rejalashtirilgan. Samarqand viloyatida og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun xospis shaklidagi palliativ yordam markazi ochiladi. Toshkent shahrida esa dastlab mobil palliativ brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, palliativ va xospis xizmatlarini kengaytirish, ularning sifati va aholi uchun qulayligini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.