O‘zbekistonda amaldagi internet texnologiyalariga muqobil sifatida Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tizimini joriy etish kerak. Bu haqda iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimov YouTube’dagi “Uzbeconomics” podkastida fikr bildirdi.
Botir Qobilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston internet infratuzilmasi qisman boshqa davlatlar hududidan o‘tuvchi tashqi optik tolali kabellarga bog‘liq. Shu sababli ularda yuzaga keladigan avariyalar internet aloqasida uzilishlarga olib kelishi mumkin.
Iqtisodchi fikricha, internet xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash nuqtayi nazaridan Starlink muqobil yechim bo‘lishi mumkin.
“Bugun ayrim odamlar Starlink bo‘lmasa, samolyotga ham chiqqisi kelmay qoldi. Insonlarga sakkiz soatlik parvozda internet bo‘lmasligi qimmatga tushishi mumkin. Vaqt nuqtayi nazaridan ham bu muhim”, — dedi u.
Qobilov, shuningdek, ayrim xalqaro aviakompaniyalarni tanlashda bortdagi internet sifati muhim omilga aylanayotganini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekiston aviakompaniyalari ham zamonaviy sun’iy yo‘ldosh internet texnologiyalarini joriy etishi lozim.
Podkast davomida Behzod Hoshimov ham mamlakat temiryo‘l transportida internet sifati talab darajasida emasligini ta’kidladi.
“Tezyurar poyezdlarda ichki interneti bor, ichki modemi bo‘ladi. Lekin zo‘r emas, juda sekin ishlaydi”, — dedi iqtisodchi.
Hoshimov O‘zbekistonda Starlink xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilmagani sabablarini tushunmasligini bildirib, ayniqsa chekka hududlarda yashovchi aholi uchun bunday texnologiyalar muhim ekanini qayd etdi.
“Chunki shahardan uzoqda juda ko‘p odam yashaydi. Ular uchun ham internetdan foydalanish imkoniyatini yaratish kerak”, — dedi u.
Botir Qobilov esa mamlakatning barcha hududlarini optik tolali internet bilan qamrab olish murakkab va qimmat jarayon ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, ayrim hududlarda sun’iy yo‘ldosh interneti an’anaviy infratuzilmaga samarali muqobil bo‘lishi mumkin.
“Xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham butun O‘zbekiston optik tolali internet bilan to‘liq qoplanmaydi. Yangi texnologiyalar yordamida ayrim bosqichlarni chetlab o‘tib, Starlink yoki boshqa muqobil yechimlardan foydalanish imkoniyati bor”, — dedi iqtisodchi.
Qayd etish joiz, podkastda bildirilgan fikrlar iqtisodchilarning shaxsiy mulohazalari bo‘lib, Starlink xizmatini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha rasmiy qaror yoki bayonot berilmagan.