Prezidentning “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026—2028-yillarda 300 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olish, qariyb 100 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish hamda ularning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirishini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirish tizimini rivojlantirish hamda xodimlarining asosiy qismini yoshlar tashkil etadigan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlarining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi.
“Yoshlar biznesi” dasturi doirasida qanday kreditlar beriladi?
AT “Aloqabank” tomonidan 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalar uchun 7 yilgacha muddatga kredit va mikroqarzlar ajratiladi. Kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni to‘lash uchun 1 yilgacha, foiz to‘lovlari uchun esa 3 oygacha imtiyozli davr beriladi.
Sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida:
- xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari uchun — 20 mln so‘mgacha;
- SMM, mobilografiya, frilanserlik, onlayn do‘konlar va o‘zini o‘zi band qilish loyihalari uchun — 50 mln so‘mgacha;
- kasanachilik, tikuvchilik, to‘qimachilik va qayta ishlash loyihalari uchun — 50 mln so‘mgacha;
- novvoychilik va qandolatchilik faoliyati uchun — 100 mln so‘mgacha mikroqarz ajratiladi.
Mol-mulk garovi asosida esa:
- turistik maskanlar, sayilgohlar va jamoat joylarida savdo nuqtalari tashkil etish uchun — 200 mln so‘mgacha;
- yo‘lovchi tashish va yuk yetkazib berish xizmatlari uchun — 300 mln so‘mgacha kredit beriladi.
“Kelajak tadbirkorlari” loyihasi ishga tushiriladi
“O‘zmilliybank” tomonidan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “Kelajak tadbirkorlari” loyihasi amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, biznes g‘oyasini amalga oshirish istagidagi 31 yoshgacha bo‘lgan talaba va yoshlarga quyidagi tartibda kreditlar ajratiladi:
- o‘zini o‘zi band qilgan va biznesni endi boshlayotganlarga — 18 oygacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan garovsiz 20 mln so‘mgacha;
- mustaqil biznes boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga — 5 yil muddatga, 1 yillik imtiyozli davr bilan 300 mln so‘mgacha;
- faoliyat yuritayotgan va biznesini kengaytirayotgan tadbirkorlarga — 7 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan 2 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi.
Yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha kredit beriladi
Qaror bilan talaba va yoshlarni ish bilan ta’minlaydigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ham joriy etildi.
Unga ko‘ra, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalar uchun tadbirkorlarga 7 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 10 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi.
Bunda har 2 mlrd so‘mlik kredit uchun kamida ikki nafar talaba yoki ishsiz yosh ishga qabul qilinishi shart bo‘ladi. Kredit mablag‘lari asosiy vositalarni xarid qilish va aylanma mablag‘larni to‘ldirishga yo‘naltiriladi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkor kredit olishiga asos bo‘lgan yosh xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ikki yil ichida bekor qilinsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘tkaziladi. Biroq bir oy ichida ularning o‘rniga boshqa ishsiz yoshlar ishga qabul qilinsa, ushbu tartib qo‘llanmaydi.
Shuningdek, ishga qabul qilinayotgan yoshlarning oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida ikki baravaridan past bo‘lmasligi belgilandi.