2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga qabul jarayonlari boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, umumta’lim maktablarining joriy yilgi 9-sinf bitiruvchilari hujjatlarini 10-iyundan boshlab my.edu.uz portali orqali onlayn topshirishi mumkin. Hujjatlarni qabul qilish 10-iyulga qadar davom etadi.

Abituriyentlar tizimda ID-karta yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ma’lumotlari asosida ro‘yxatdan o‘tadi. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma orqali ro‘yxatdan o‘tilganda 3,5×4,5 santimetr o‘lchamdagi rangli fotosuratni ham yuklash talab etiladi.

Shuningdek, fan olimpiadalari g‘olibligini tasdiqlovchi diplomlar, chet tillari yoki umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlar mavjud bo‘lsa, ular ham tizimga kiritilishi mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar uchtagacha akademik litseyni tanlaydi va har biri uchun bittadan mos ta’lim yo‘nalishini belgilaydi. Bunda tanlangan yo‘nalishlarning ta’lim tili bir xil bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, abituriyentlar kirish test sinovlarida qaysi chet tilidan imtihon topshirishini ham oldindan ko‘rsatadi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, talabgorlar o‘zlari tanlagan hududda tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi. Qabul jarayonlariga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni akademik litseylar huzurida faoliyat yuritayotgan “Maslahat markazlari” orqali olish mumkin.